Virtual qabulxona

Sergeli tumanidagi yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqot o'tkazildi

Asosiy yangiliklar 1 078 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov davlat rahbarining tegishli topshirig‘iga muvofiq, “Yoshlar balansi” asosida o‘ziga biriktirilgan Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazdi.

“Rahbar va yoshlar” turkumida tashkil etilayotgan mazkur uchrashuvlar orqali yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning kasb-hunar va zamonaviy mutaxassisliklarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga amaliy ko‘maklashish maqsad qilingan.

Muloqotda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati adolat, shaffoflik va teng imkoniyatlar tamoyillariga asoslanishi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash esa ushbu qadriyatlarni hayotga tatbiq etishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.

— Har biringizning fikr-mulohazangiz, sizni o'ylantirayotgan masalalarda taklif va tashabbusingiz biz uchun muhim. Chunki muammoni chuqur o‘rganmasdan turib, unga samarali yechim topib bo‘lmaydi. Bandlikni taʼminlash, kasb egallash va tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda davlat idoralari, banklar, taʼlim muassasalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda sizga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyormiz, — dedi Akmal Burxanov.

Ishtirokchi yoshlar o‘z qiziqish va intilishlari, muammo va ehtiyojlari haqida Agentlik direktori bilan do‘stona suhbatlashdi.

Har bir ishtirokchining murojaati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda aniq yechim, amaliy ko‘mak ko'rsatishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar