Samarqand viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish holati tanqidiy muhokama qilindi
Bugun Kattaqo‘rg‘on tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi o‘tkazildi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov idoralararo ishchi guruhning Samarqand viloyatida o‘tkazgan o‘rganishlari yakunlari haqida axborot berdi.
Xususan, bank, qurilish, kadastr, sog‘liqni saqlash, taʼlim, tadbirkorlik, bandlik, savdo, energetika sohalaridagi korrupsion holatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Viloyatda davlat xaridlarini amalga oshirishda ham suiisteʼmolchiliklar saqlanib qolmoqda. Agentlik tomonidan 2025-yilda 3,4 mlrd so‘mlik 9 ta davlat xaridi natijasini bekor qilish bo‘yicha davlat buyurtmachilariga taqdimnoma kiritilgan. Joriy yilda viloyat bo‘yicha mahalliy hokimliklarning 248 ta qaror va farmoyishi “yashirilgan” (XDFU grifi) asosida qabul qilingan bo‘lib, 49 tasi asossiz yashirilgan deb topildi. Viloyatda davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilgan xorijiy xizmat safarlariga ayrim mansabdorlar o‘z yaqin qarindoshlarini yuborgani haqida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar Agentlik o‘rganishlarida ham tasdiqlanib, aybdorlarning harakatlariga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, Ishchi guruh o‘rganishlarida viloyatda 100 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik va rahbarlik asosida faoliyati saqlanib qolayotganligi aniqlandi. Vaholanki, o'tgan yili viloyatning 30 nafar davlat xizmatchisi ayni shu masalada maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilishda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan 10 ga yaqin masʼul rahbarlarga nisbatan qatʼiy chora ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati