Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi tahlil qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat rahbarining Davlat rahbarining tegishli farmonlari (PF-6013-son Farmoni 4-bandi, PF-200-son Farmoni 1-bandi)da Agentlikka yuklatilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida 2022-2023 yillarda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar, ularning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar tahlil qilindi.
Vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens-nazorat” tizimi joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda markaziy apparatda jami 3 ta shtat birligidan iborat Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi faoliyat olib bormoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tizimli ravishda olib borish, korrupsiyaviy xavflarni baholash bo‘yicha markaziy apparat tarkibida yangi tuzilma - Komplaens-nazorat xizmati joriy etilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga asoslangan huquqiy baza yaratilgan.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar natijasida vazirlik 2022-yil noyabr oyida korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Vazirlik tizimida bugungi kunda jami 7 703 nafar xodim faoliyat yuritishini inobatga olib, bugungi kunda vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat bo‘limida faoliyat olib borayotgan xodimlar ushbu funksiya va vazifalarning to‘laqonli va samarali amalga oshirish imkoniga ega emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan taqdim qilingan statistik maʼlumotlarga ko‘ra, vazirlik tizimida 2023 yilda 458 nafar shaxsga nisbatan 227 ta korrupsiyaviy jinoyat ishi sudlar tomonidan ko‘rib tamomlangan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 476 nafar shaxsga nisbatan 255 ta korrupsiyaviy jinoyat ishini tashkil qilgan. Mazkur korrupsiyaviy jinoyatlar natijasida jamiyat va davlat manfaatlariga 2023-yilda 100,2 mlrd (2022 yilda - 82,6 mlrd) so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Tahlillardan ko‘rinishicha, sohada umumiy korrupsiyaviy jinoyatchilik soni kamaygan bo‘lsada, ular natijasida yetkazilgan zarar miqdori 20,0 mlrd so‘mga ko‘paygan. Korrupsiyaviy jinoyatlarning aksariyati mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish (aksariyat holatlarda birgalikda) yo‘nalishlarida sodir etilayotganligi maʼlum bo‘ldi.
2023-yilda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar turi bo‘yicha tahlil qilinganda mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish 423 (2022 yilda-428) nafar, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish 11 (2022 yilda- 10) nafar shaxs tomonidan sodir etilgan.
O‘rganishda kapital qurilish sohasida 2023 yilda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan 458 nafar shaxsning 89 nafari bevosita vazirlik tasarrufidagi idora va tashkilotlar xodimi, 44 nafari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimi, qolgan 325 nafari esa boshqa soha xodimlari yoki fuqarolar ekanligi aniqlangan.
Keltirilgan raqamlarga asosan kapital qurilish sohasida sodir etilayotgan korrupsiyaviy jinoyatlarning sabab va omillari tahlil qilinganda korrupsiyaviy jinoyatlar turi ularni sodir etgan shaxslarning ijtimoiy maqomi bilan bog‘liq ekanligi, asosan qurilish va taʼmirlash jarayonida pudratchilar bilan til biriktirgan holda qalbaki hujjatlardan foydalanib mablag‘larni o‘zlashtirish, qonunbuzilish holatlariga ko‘z yumish hamda soha xodimlarining huquqiy bilimi yetarli emasligi kabi omillar mavjudligi aniqlandi. Ayniqsa, davlat mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlarida bajarilgan ishlar qiymati to‘g‘risidagi hisobvaraq-fakturalarga (shakl-3) soxta maʼlumotlar kiritish orqali davlat mablag‘larini talon-toroj qilingan.
Mazkur jinoyatlarning sodir etilishiga sohada vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, fuqarolarning oson pul topishga harakat qilishlari, ularda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murosasiz munosabat shakllanmagani, davlat xizmatchilarining ish haqi miqdori kamligi, soha xodimlari ustidan o‘rnatilgan idoraviy va jamoatchilik nazoratining sustligi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari yetarli darajada o‘tkazilmaganligi, jinoyat sodir etishning salbiy oqibatlari anglab yetilmaganligi hamda sohada sodir etilayotgan korrupsiyaviy jinoyatlarning latentligi (fosh etilmaganligi) yuqori ekanligi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.
Ochiqlik indeksining 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Qurilish vazirligi jami 52,1 ball (maksimal 100 balldan) bilan vazirliklar kesimida 16-o‘rinni egallagan holda “qizil” toifada qayd etilgan (4 o‘rin quyiga tushgan). Bunga Vazirlik tomonidan o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti, yil davomida o‘tkazilgan hisobot (hayʼat) yig‘ilishlarining videoyozuvlari va bayonnomalari, davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi ichki idoraviy hujjat hamda davlat xaridlariga oid shikoyatlarni ko‘rib chiquvchi komissiya aʼzolari, tasarrufidagi ko‘chmas mulklar va xizmat uylari, o‘zini o‘zi baholash tartibi hamda ochiqlik sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi maʼlumotlar ochiq eʼlon qilinmagani sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida” 103-sonli qarori bilan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining xodimlariga hamda davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari rahbarlariga va ularning bank hujjatlariga imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan o‘rinbosarlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi ko‘rsatilgan. Biroq mazkur qonunchilik talablariga zid ravishda Qurilish vazirligi hududiy bo‘linmalarida jami 40 nafar mansabdor shaxs davlat xizmati bilan parallel ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Jumladan, Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 5 nafardan, Farg‘ona va Xorazmda 4 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan va Qashqadaryoda 3 nafardan, Samarqand va Surxondaryoda 2 nafardan, Buxoro, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida 1 nafardan hamda Qurilish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazida 1 nafar mansabdor shaxs rahbar yoki taʼsischi sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu mansabdor shaxslarga tegishli ayrim tadbirkorlik subyektlari davlat buyurtmachilari bilan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda shartnomalar imzolab, tovarlar yetkazib berganligi yoki xizmatlar ko‘rsatganligi kabi holatlar ham aniqlandi.
Misol uchun, Andijon viloyati Marhamat tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Abduraxmonov Zafarbek Soyibjonovich taʼsischiligidagi “Yevro Ideal Qurilish” MCHJ 2022-202- yillar davomida 6 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasiga jami 45,6 mln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Rajapov Axmadjon Sultanbaveich taʼsischiligidagi “Nukus Realproekt” MCHJ 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimidagi “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy taʼmirlash hamda issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali bilan 4 ta holatda 216,8 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma ltuzgan holda xizmatlar ko‘rsatgan.
Shu kabi Piskent tumani qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Eshonqulov Faxriddin Abduxalikovich rahbarligidagi “Megamax” MCHJ 2022 yil 11 avgust kuni Pskent tumani hokimligi tomonidan kichik sanoat zonasi bosh rejasini ishlab chiqish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 35,0 mln so‘mlik tanlovda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda g‘olib bo‘lganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 noyabrdagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-425-son yarorining 1-bandida 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlarga kiritilgan loyihalar, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari asosida moliyalashtiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari bo‘yicha loyihalar doirasida obyektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari vazirliking “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz o‘tkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanishi lozimligi qayd etilgan. Biroq davlat xaridlari sohasida qonunchilik ijrosini nazorat qiluvchi organlarda davlat buyurtmachilari tomonidan ushbu qaror talablariga rioya qilinayotganligini to‘la nazorat qilish imkoni mavjud emas. Birgina 2023-yilda 147 ta binolarni qurish va taʼmirlash bilan bog‘liq tanlov va tenderlar etender.uzex.uz davlat xaridlari maxsus axborot portalida inson omili taʼsirida amalga oshirilgan.
Qurilish obyektlarini taqsimlash jarayonida ayrim muammolarning mavjudligi yirik tadbirkorlik subyektlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali bir moliya yili davomida ko‘plab tenderlarda g‘olib bo‘lishiga, bu esa o‘z navbatida sohada raqobat muhiti pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, ushbu yirik tadbirkorlik subyektlari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan barcha tenderlarda pudrat ishlarini o‘zlari amalga oshirish imkoniga ega emasligi bois ko‘plab holatlarda qurilishga subpudrat tashkilotlarining jalb etilishiga, bu esa o‘z navbatida obyektlarning qurilish narxlari 5-10 foizga oshishiga olib kelmoqda.
Qolaversa, bino va inshootlarning qurilishi jarayoni loyiha-smeta hujjatlari asosida bajarilishini nazorat qilish hamda foydalanishga qabul qilish jarayonlarida ko‘plab korrupsiyaviy omillar saqlanib qolmoqda.
Birgina 2023-yilda respublika bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 1630 ta ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish aniqlanib, shundan 1618 tasiga ogohlantirish xatlari berilgan, 125 tasi bo‘yicha sudga daʼvo arizalar kiritilgan va 911 tasi (55 foizi) bo‘yicha maʼmuriy javobgarlikka tortish kabi choralar qo‘llanilgan. Bu kabi holatlar ayrim tadbirkorlarga noqonuniy qurilishlarni qonuniylashtirishga, qonunbuzilishi holatlari tizimli ko‘rinishga aylanib borishiga imkon yaratmoqda.
Bundan tashqari, keyingi vaqtlarda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida qurilish sohasining ayrim masʼullari tomonidan mansabini suiisteʼmol qilgan holda davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tizimida ishtirok etuvchi masʼul shaxslar tomonidan “Shaffof qurilish” tizimiga ayrim pudratchi tashkilotlarning manfaatlarini ko‘zlab, soxta maʼlumotlar kiritish orqali ularning tender savdolarida g‘olib bo‘lishiga erishganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 28-moddasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi mumkin emasligi qayd etilgan. Shunga qaramay, vazirlik markaziy devonida 2 nafar, Sirdaryoda 17 nafar, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 9 nafardan mansabdor shaxslar muqaddam korrupsiyaviy jinoyatlar uchun sudlanganligi maʼlum bo‘ldi.
Tahlillar natijasida aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga taqdimnoma yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
06.05.2024