Virtual qabulxona

Qurilish sohasidagi raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishildi 

Asosiy yangiliklar 1 561 marta körilgan

Joriy yilning 5-fevral kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi Agentlik mas’ul xodimlari bilan vazirlik xodimlari o‘rtasida ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yilda qurilish sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, xususan, qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish bo’yicha amalga oshirish lozim bo’lgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, vazirlik xodimlari tomonidan qurilish sohasida korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida shaffoflikni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va uning imkoniyatlari taqdimot qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur milliy axborot tizimida qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini aniqlash mezonlari maqbullashtirilib, 60 ta ko‘rsatkichdan 30 taga kamaytirildi. Shuningdek, Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingi tizimi joriy qilinib, bugungi kunda ushbu reyting tizimiga 2064 ta loyiha tashkilotlari kiritildi.

Loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, ekspertiza organlariga qog‘oz hujjatlar to‘plamini taqdim etish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari elektron shaklda taqdim qilish yo‘lga qo‘yildi.

2024-yil 1-yanvar holatiga, “Shaffof qurilish” MAT orqali 34,3 mingta obyektning loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish hisobiga 5,9 trln so‘m tejaldi, shuningdek, 28,2 mingdan ortiq obyekt bo‘yicha onlayn elektron tender savdolari o‘tkazish orqali 1,8 trln so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.

Davlat qurilish nazorati avtomatlashtirilib, “Qurilish nazorati” elektron platformasi orqali 36,2 mingta obyekt nazoratga olindi va 111,4 mingta monitoring o‘tkazildi, qurilish normalarini buzgan mutasaddi tashkilotlarga 7,6 mingta ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Soha bo‘yicha 5 turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlariga 924 ta litsenziya berilgan.

Shuningdek, “Shaffof qurilish” MATda “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri” yaratilib, barcha obyektlarning loyiha hujjatlari va ekspertiza xulosalari elektron bazasi shakllantirilib borilmoqda.Uchrashuv davomida “Qurilish nazorati” axborot tizimi xususida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, nazorat inspektorlari 300 ta zamonaviy planshetlar bilan ta’minlandi, obyektlarda qurilish-sinov laboratoriya ishlarini o‘z vaqtida olib borish maqsadida hududiy inspeksiyalar 16 ta zamonaviy mobil ko‘chma laboratoriyalar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ushbu tizim orqali 36 245 ta obyekt nazoratga olindi, hududiy inspeksiyalar tomonidan obyektlarda 111 413 marotaba monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Natijada qoidabuzarlarga 78 129 ta yozma ko‘rsatma berildi (pudratchiga – 29663 ta, buyurtmachiga – 26090 ta, loyiha tashkilotlariga – 22376 ta).

Muloqot mobaynida sohada raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish yuzasidan o’zaro fikr almashildi. Agentlik direktori A.Burxanov tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda kapital qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqilganligi qayd etildi. Ushbu loyiha doirasida sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan vazifa va topshiriqlarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot tizimi

Öxşaş materiallar