Virtual qabulxona

Qurilish sohasida korrupsiyaviy holatlar mavjudligi to'g'risida tarqalgan xabarlar yuzasidan

Asosiy yangiliklar 903 marta körilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorning qurilish sohasi vakillari bilan o'tkazilgan ochiq muloqotda qurilish sohasidagi korrupsiyaviy holatlar haqida fikr bildirgani va unga mas’ul idoralarning munosabati keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur masala Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganilmoqda va bugunga qadar bir qator ishlar amalga oshirildi.

1️⃣ Tadbirkor bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida 4-sentabr kuni muloqot bo‘lib o‘tdi va tadbirkorning sohadagi korrupsiyaviy omillar haqidagi fikrlari tinglandi;

2️⃣ Tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslar tomonidan bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma olish yuzasidan qilingan murojaatlar va asossiz rad etilgan deb topilgan holatlar tahlil qilinmoqda;

3️⃣ Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali sohadagi korrupsion harakatlar va byurokratiya haqida aholi va tadbirkorlarning murojaatlari qabul qilinmoqda hamda o'rganilmoqda;

4️⃣ Aholi va tadbirkorlar fikrlarini olish maqsadida “Sizningcha, qurilish sohasining qaysi yo‘nalishida korrupsiyaviy xavflar yuqori? " mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilmoqda.

Mazkur tahlil va o'rganishlar yakunlari asosida mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, inson omilini cheklash, shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish choralari ko‘riladi.

Agentlik fuqarolarning korrupsiyaga murosasizligini qo'llab-quvvatlaydi. Korrupsiyaga oid har bir xabar Agentlik tomonidan atroflicha o'rganilishi hamda xabar beruvchi fuqarolarning tegishli tartibda himoyasi ta'minlanishi ma'lum qilinadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar