Qoraqalpog'iston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi Ishchi guruh Qoraqalpog'iston Respublikasida korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, shuningdek, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda.

Ishchi guruh tomonidan dastlab “Hududiyelektrtarmoqlari” AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filialida davlat rahbarining PQ-57-son qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan “Yashil energiya” dasturi doirasida byudjet mablag‘larining sarflanishi ko‘rib chiqildi.

Bu borada, shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilgan ijtimoiy obyektlar, xususan, Q.Ajniyaz nomidagi Nukus davlat pedogogika instituti, Navoiy tog‘-kon metallurgiya universiteti huzuridagi Nukus davlat institutida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlashga oid ishlar bilan tanishildi.

O‘rganishlar mobaynida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali faoliyati misolida sog‘liqni saqlash sohasida "Korrupsiyasiz soha" loyihasining ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati ham o'rganilib, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda korrupsiya va byurokratiyaning oldini olish, shaffoflikni taʼminlash va samarali tizim yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati