Qashqadaryoda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda o‘rganishlar o‘tkazildi
Agentlik direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, shuningdek, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi.

Xususan, viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, byudjet mablag‘laridan foydalanish holati bilan tanishish jarayonida mavjud 10 ta o‘rmon xo‘jaligining veb-saytlariga tashqi foydalanuvchilar uchun umuman kirish imkoni yo‘qligi, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ochiqlanmaganligi aniqlandi.

Viloyat davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilning ayni davriga qadar umuman ijara auksionlar o‘tkazilmagan, joriy auksion eʼlonlari ham mavjud emas.
O‘rganish davomida tizimda bir qator korrupsion xavf-xatarlar saqlanib qolayotganligi aniqlandi.
O‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilib tegishli hujjatlar va ruxsatnomalarni qalbakilashtirish, qonunbuzarliklarga eʼtibor bermaslik yoki imtiyozlar berilishi shular jumlasidandir.

O‘rganishlar mobaynida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali misolida sog‘liqni saqlash sohasida "Korrupsiyasiz soha" loyihasining ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati ham tahlil qilindi.
Bu borada sohani raqamlashtirish, kadrlarni ishga olish bo‘yicha shaffof tizim yaratish, byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish, korrupsiya va noqonuniy dori aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga eʼtibor qaratildi.

Ishchi guruh tomonidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tizimdagi korrupsiya xavflariini kamaytirish, korrupsiya va byurokratiyaning oldini olish, shaffoflikni taʼminlash va samarali tizim yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati