Virtual qabulxona

O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi islohotlar xalqaro reyting ekspertlari bilan muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 466 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “S&P Global” xalqaro reyting agentligi va “Citi” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot “S&P Global” tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholash jarayoni doirasida tashkil etilib, unda mamlakatda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi va institutsional islohotlarning davlat boshqaruvi, biznes muhiti va investitsiyaviy muhitga ta’siri muhokama qilindi.

Agentlik direktorining o‘rinbosari U. Tuxtasheva so‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaning oqibatlariga qarshi kurashish bilan bir qatorda, uning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuv kuchaytirilgani haqida ma’lumot berdi. Xususan, korrupsiyaviy xavflarni baholash, komplayens va ichki nazorat tizimlarini rivojlantirish, yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda jarayonlarni raqamlashtirish borasidagi ishlar taqdim etildi.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi islohotlarning samaradorligini baholash, xalqaro reyting va monitoringlar natijalari, shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

“S&P Global” ekspertlari reytingni baholashda davlat boshqaruvi samaradorligi, qonun ustuvorligi, institutsional muhit va boshqa omillar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashi hamda investorlar uchun mamlakatdagi muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida xalqaro reytingni baholash jarayonida zarur bo‘ladigan qo‘shimcha ma’lumot va statistik ko‘rsatkichlarni taqdim etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar