Virtual qabulxona

O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish maqsadida "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" loyihalari ishga tushirilmoqda

Asosiy yangiliklar 2 202 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD) hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" dasturlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.

Ma’lumot o’rnida: "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" - bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir. Ushbu loyihalar asosidagi Metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida o‘z samaradorligini isbotladi. U 30 ta mahalliy hokimiyat organida qo‘llanildi va 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Metodologiyaning asosiy tamoyillari shaffoflik, javobgarlik, ta’lim va madaniyat, texnologiyalar va innovatsiyalar, o‘z-o‘zini boshqarish sanaladi. Metodologiyani joriy etishda xalqaro standartlarni O‘zbekiston xususiyatlariga moslashtirish asosida xavflarni aniqlash uchun mavjud jarayonlar diagnostikasi o‘tkaziladi.

Xususan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida ushbu Metodologiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha xodimlar uchun treninglar boshlandi.

Bu mamlakatimiz uchun ilk tajriba bo‘lib, boshqa hududlarga yanada kengayishi uchun amaliy asos yaratadi. Bundan tashqari, shaffoflikni oshirish va axloqiy standartlarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan strategik reja va yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

Ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar