“O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi bo'yicha natija va rejalar muhokama qilindi
Joriy yilning 25-mart kuni Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida kengash yig‘ilishi tashkil etildi.

2024-yil yanvar oyidan 2026-yil 31-dekabriga qadar amalga oshiriladigan ushbu loyiha doirasida o‘tgan yili bajarilgan ishlar muhokama qilinib, 2025-yilda rejalashtirilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: Loyiha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy hamkorlar – vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi xalqaro tajribalarni milliy darajada tatbiq etish va samarali mexanizmlar ishlab chiqishdan iborat. Loyiha uch asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda: qonunchilikni takomillashtirish, hududiy tashabbuslar va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlik qilish.

2024-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya loyihasining ishlab chiqilgani alohida e’tiborga molik. Ushbu jarayonda Yevropa Ittifoqi ekspertlari jalb qilinib, xalqaro tajribalar asosida huquqiy loyihalar ishlab chiqildi. Shuningdek, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanib, Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishdagi dastlabki tashabbuslardan biri bo‘ldi.
“Shaffof shaharlar” va “Halol munitsipalitetlar” metodologiyasi Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, Buxoro viloyati Vobkent tumani hamda Jizzax viloyati Jizzax shahrida sinovdan o‘tkazildi. Shu asosda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ishlab chiqilib, metodologiyani amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, NNTlarga kichik grantlar ajratilib, 40 dan ortiq ariza orasidan eng samarali 8 ta tashabbus qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa oldingi bosqichlarda berilgan 11 ta grant natijalarini tahlil qilish va yaxshilash imkonini berdi.
Jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida innovatsion yondashuvlar, jumladan, karikaturalar va interaktiv usullar qo‘llanildi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (UZA) bilan hamkorlikda maxsus media kampaniyalar tashkil etilib, keng jamoatchilikka korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha aniq va qisqa ma’lumotlar yetkazildi.

Yig‘ilish davomida kelgusi yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Xususan, “Gender va korrupsiya”, “Korrupsiya xavfini kamaytirishda surishtiruv jurnalistikasining o‘rni” mavzularida tadqiqotlar o‘tkazish hamda mahalliy yaxlitlik tizimini baholash (LISA) jarayonini amalga oshirish rejalashtirildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qator muhim takliflar bildirildi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori G.Bobojonova surishtiruv jurnalistikasini samarali tashkil etish uchun jurnalistlarning maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuridik bilimlarni chuqurlashtirish hamda jurnalistlarni tergov organlari bilan hamkorlikka jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bosh prokuratura vakili K.Musashayxov surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha amaliy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini qayd etdi:
“Tergov organlari va jurnalistlar hamkorligini mustahkamlash, muhim materiallarni tayyorlash hamda xalqaro va milliy tajribalarni umumlashtirish orqali samarali mexanizmlarni ishlab chiqishimiz lozim.”

Biznes Ombudsman vakili G.Shukurova korrupsiyaga qarshi kurashda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligini ta’kidlab, jazolashdan ko‘ra huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor bo‘lishi kerakligini qayd etdi. U tadbirkorlarning murojaatlarini tahlil qilish tizimini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Amaldagi qonunlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi mavjud, biroq tadbirkorlarning davlat idoralariga qilgan murojaatlari qanchalik asosli va korrupsiyaviy omillar bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi – bu jihat hali yetarlicha tahlil qilinmagan. Shu bois ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.”
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili X.Tursunbekov korrupsiyaga qarshi kurashish bilan birga daromadlarni legallashtirish masalalarida tadbirlarni tashkil etish yuzasidan takliflar berdi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati