O‘zbekistonda gender va korrupsiyaga oid axborot-tahliliy hisobot Jamoatchilik kengashi va ekspertlar ishtirokida muhokama etildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan qo‘shma loyiha doirasida O‘zbekistonda korrupsiya va gender tengligi masalalarini o‘rganishga qaratilgan “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: transformatsion o‘zgarishlar sari” nomli axborot-tahliliy hujjat ishlab chiqildi.

Mazkur hujjatda korrupsiya va gender tengligi sohasidagi mavjud holat bo‘yicha qiyosiy-huquqiy tahlil, sotsiologik tadqiqotlar natijalari hamda amaliy tavsiyalar jamlangan.

Joriy yil 29-yanvar kuni Agentlik jamoasi vakillari, BMT Taraqqiyot Dasturining mas’ul mutaxassislari hamda ekspertlar ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn muloqot tashkil etildi. Muloqot davomida Jamoatchilik kengashi a’zolari va Ekspertlar guruhi tomonidan loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr va mulohazalari bildirildi.
Xususan, amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishda mahalliy qadriyatlar, jamoatchilik tashabbuslari, yoshlar va raqamli makon omillarini hisobga olish tavsiya etildi.

Onlayn uchrashuv yakunlariga ko‘ra, BMT Taraqqiyot Dasturi va Agentlik o‘zaro hamkorlikda ilmiy-tahliliy hujjatning ta’kidlangan jihatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan kelishib oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati