O‘zbekiston tashabbuslari BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari XI konferensiyasida ma’qullandi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining 11-sessiyasi (CoSP-11)da ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro tadbir mobaynida O‘zbekiston tashabbuslari muhokama qilindi. Global tadbir doirasida bugun bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlangan maxsus sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari A.Burxanov ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sa'y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e'tirof etildi.

Jumladan, mamlakatimiz tomonidan bildirilgan ikkita xalqaro tashabbus Konferensiyaning 180 dan ortiq ishtirokchi-davlat tomonidan ma’qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
1️⃣.BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining 2027-yilda bo'lib o'tadigan navbatdagi konferensiyasiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi;
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC) ishtirokchi- davlatlari (192 mamlakat) konferensiyasi har ikki yilda bir marotaba o'tkazilib, sohada global darajadagi qarorlarni chiqaruvchi asosiy xalqaro maydondir.
2️⃣. O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan va barcha ishtirokchi-davlatlar tomonidan ma’qullangan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish va hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi qabul qilinishi.

Rezolyutsiya Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilib, unda davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashish, aktivlarni aniqlash va qaytarishda o‘zaro yordam ko‘rsatish, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, xabar beruvchilarni himoya qilish standartlarini uyg‘unlashtirish va kriptoaktivlar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi qo‘shma choralarni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar nazarda tutiladi.

Tasdiqlangan ushbu tashabbuslar mamlakatimizning xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida faol, tashabbuskor va konstruktiv ishtirokini yaqqol namoyon etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati