Ochiqlik indeksini monitoring qilish va natijalarini baholash maxsus elektron dastur orqali amalga oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ochiqlik siyosati qatʼiy davom etishiga yana bir bor alohida urg‘u berildi.
Bu borada belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarini muntazam o‘qitish va malakasini oshirish ishlarini izchil davom ettirmoqda.

Xususan, bu yil uchinchi bor ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qapratilgan Ochiqlik indeksi eʼlon qilinadi.

Indeksda baholash jarayonlarini har tomonlama sifatli tashkil etish maqsadida Agentlik tomonidan davlat organlariga ayni yo‘nalishda metodik va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 100 nafardan ortiq ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodim uchun “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini baholash mezonlari” mavzusidagi uch kunlik seminar bo'lib o'tmoqda.

Bu yildan eʼtiboran Ochiqlik indeksini shakllantirish jarayonlari inson omilisiz, raqamli nazorat shaklida amalga oshiriladi. Seminarda ishtirokchilarga ayni shu maqsadga xizmat qiluvchi maxsus dasturiy taʼminot taqdimot qilindi.
Shuningdek, Agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari tomonidan ochiqlikni taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlardagi yangilik va o‘zgarishlar, majburiyatlarga rioya etilishi yuzasidan batafsil maʼlumot berilmoqda.

Seminar mobaynida ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek, bu boradagi faoliyatni yanada yaxshilash bo‘yicha muhokamalar ham o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati