Virtual qabulxona

NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalar tanlovi

Asosiy yangiliklar 1 370 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik tashabbuslari: raqamli texnologiyalar, media, xalqchil qonunchilik va korrupsiyaning gender jihatlari" nomli loyiha tashabbuslari tanlovi e’lon qilinadi.

Tanlovga fuqarolik jamiyati institutlarining quyidagi yo‘nalishlardagi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:

  • Korrupsiyaga qarshi jurnalistika va OAV — surishtiruv va tahliliy jurnalistikani, aholini korrupsiya masalalari bo‘yicha xabardor qilish, mediasavodxonlikni rivojlantirish va ustuvor sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarini yoritish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • Raqamli va texnologik yechimlar — korrupsiyaviy amaliyotlarni aniqlash, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni raqamli yechimlar asosida bartaraf etish;
  • Qonun ijodkorligi va korrupsiyaga qarshi ekspertizada ishtirok etish — NNT va faol fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, monitoring qilish va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazishga jalb qilish;
  • Inklyuzivlik va ehtiyojmand guruhlar — yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan aholi qatlamlarining ehtiyojlariga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ishlab chiqish va ularni korrupsiyaga qarshi kurashishga keng jalb qilish hamda jamoatchilik nazoratida ishtirok etishlariga sharoit yaratish;
  • Korrupsiyaning gender jihatlari — korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning gender jihatlarini o‘rganishga qaratilgan, xotin-qizlarni zamonaviy korrupsiyaga qarshi amaliyotlarga jalb qiluvchi va xotin-qizlarning korrupsiyaga qarshi kurashish drayverlaridan biri sifatidagi rolini kuchaytiruvchi tashabbuslar.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori — 7000 AQSH dollarigacha.

⏳Hujjatlar 2025-yilning 25-iyun kuniga qadar qabul qilinadi.

👉Tanlov shartlari haqida batafsil ma‘lumot bu yerda.

Eslatma: Talabgorlar ariza topshirishdan oldin grant tartib-qoidalari bilan tanishish, tanlov hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, shuningdek, huquqiy va moliyaviy savodxonlikni oshirishga oid axborot onlayn-sessiyalarda ishtirok etishi shart.

Onlayn sessiyalar sanasi va vaqti:

▫️2025-yil 11-iyun kuni soat 10:00 da;

▫️2025-yil 18-iyun kuni soat 10:00 da.

Ma'lumot o'rnida: Tashkilotchilar tomonidan bu kabi grant 2024-yil ham eʼlon qilingan.

Grantlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimidan dori-darmonlar bilan onlayn taʼminlash portali ishga tushirildi, ko‘zi ojiz insonlar uchun "Korrupsiyadan himoyalanish bo‘yicha 10 qadam" nomili maxsus audiogid tayyorlandi, nogironlar va tadbirkor ayollar o‘rtasida tadqiqotlar o‘tkazildi, eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan shaxslar uchun maxsus portal ishga tushirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar