Virtual qabulxona

Navoiy viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 1 491 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va respublika idoralararo ishchi guruhi davlat rahbarining topshiriqlari ijrosi doirasida Navoiy shahri va Konimex tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holatini o‘rgandi.

Jumladan, Navoiy shahrining “Chinor” mahallasidagi o‘rganishlarida “Mahalla yettiligi” bilan aholi o‘rtasidagi muloqot, murojaatlarni hal qilish tezkorligi, jinoyatchilikning oldini olish choralari bilan tanishilib, mavjud muammolar yuzasidan taklif va murojaatlari tinglandi.

Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevt xodimlarini malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiallari faoliyati misolida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifati, bemorlarni qabul qilish, elektron tizimlardan foydalanish holati ko‘rib chiqildi.

Taʼlim-tarbiya jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, pedagog xodimlarning mehnat shart-sharoitlari hamda raqamli yechimlarning joriy etilishi holati Navoiy shahridagi 20-, 22-sonli maktablar va 25-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotidagi o‘rganishlarda eʼtibor markazida bo‘ldi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi faoliyatida esa mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, tanlovlarda ochiqlikni taʼminlash va aholining keng qatlamini qamrab olish, fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltirilgan dasturlar, aholining ehtiyojmand qatlamiga yordam berish mexanizmlarining samaradorligi tahlil qilindi.

Konimex tumanida kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan fuqarolar o‘rtasidagi ishonch muhitini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi profilaktik tadbirlar hamda jamoatchilik nazoratining samarasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Endigi vazifa — aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib, fuqarolarning kundalik hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishdir.

Bu bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan masʼullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar