Virtual qabulxona

Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 615 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida o‘ziga biriktirilgan hududlar — Namangan shahridagi “Ibrat”, “Chinor”, “Chaman” va “Oydinko‘l” mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda korrupsion holatlarning oldini olish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘tgan davr mobaynida dastur doirasida mahallalardagi ishsiz 966 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Shundan 210 nafari doimiy ish o‘rinlariga, 753 nafari o‘zini-o‘zi band qilindi, 3 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Kambag‘allik reyestrida turgan 74 nafariga subsidiya ajratildi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi orqali 18 nafar fuqarolarga 216 mln so‘m, "Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash" dasturi doirasida 1 nafar fuqarolarga 100 mln so‘m, "Biznesga birinchi qadam" dasturi bo‘yicha 13 nafar fuqarolarga 404 mln so‘m, "Mahalla loyihasi" dasturidan 9 nafar fuqarolarga 618 mln so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Dasturga asosan, mahallalarga 10 ta transformator, 17,3 km kabel tortish va 528 ta yangi beton tayanch ustunlar o‘rnatildi.

O‘rganishlar davomida "mahalla yettiligi" faoliyati tahlil qilinib, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida aholini qiynab kelayotgan muammolar, taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni qonuniy asosda hal etish mexanizmlari muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat dasturlarining manzilli va shaffof ijrosini ta’minlash, ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini oshirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar