Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi o‘rganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida Namangan shahridagi navbatdagi o'rganishlari “Chinor” va “Oydinko‘l” mahallalarida o'tkazildi.

O'rganishlarga ko'ra, Dastur doirasida bandlikni taʼminlash, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, ijtimoiy yashash sharoitlarini yaxshilash orqali “Chinor” MFYda Ijtimoiy reyestrdagi oilalar soni 174 tadan 65 taga, “Oydinko‘l” MFYda esa 245 tadan 88 taga qisqartirildi.

Har ikki mahallada amalga oshirilgan jami 52 ta mikroloyiha asosida 90 tadan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

“Chinor” MFYda 236 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi, 7 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 5 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga reabilitatsiya vositalari berildi.
Mahallaga ajratilgan 1,14 mlrd so‘m mablag‘ doirasida 1 ta transformator, 3,2 km elektr simlari tortildi, 108 ta beton ustun o‘rnatildi.

“Oydinko‘l”da MFY fuqarolarining 25 nafariga 316 mln so‘m kredit berildi, 298 nafari band qilindi, 10 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 2 nafar nogironligi bor shaxsga reabilitatsiya vositalari berildi.
Mahallaga ajratilgan 1,7 milliard so‘m mablag‘ doirasida 1 ta transformator o‘rnatildi, 14 kilometr elektr simlari yangilanib, 209 ta yangi beton ustunlar qo‘yildi.

O‘rganish mobaynida mahallalardagi fuqarolar bilan muloqot qilinib, mas'ullar bilan ularning muammolarini ijobiy hal qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, bandlik, infratuzilma va ijtimoiy ko‘mak bo‘yicha qo‘shimcha manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati