Virtual qabulxona

Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik kengaytiriladi

Asosiy yangiliklar 1 115 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti Saburi Xaruo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Agentlik direktori O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida shakllangan samarali hamkorlik, xususan, Nagoya iqtisodiyot universiteti ishtirokida davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish, davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qo‘shma loyihalarning ahamiyati va natijalarini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

Tomonlar hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, davlat xizmatida halollik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi.

Uchrashuv doirasida Nagoya iqtisodiyot universiteti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Memorandum:

  • korrupsiyaning oldini olish sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish;
  • davlat sektorini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni tatbiq qilish;
  • akademik almashinuvni kengaytirish;
  • magistratura va malaka oshirish dasturlarini rivojlantirishni kabi muhim tadbirlar nazarda tutadi.

Tomonlar ushbu memorandum korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot va taʼlim yo‘nalishlaridagi hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratishini taʼkidladilar.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar