"Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!"
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 18 noyabr — O‘zbekiston Respbulikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan "Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!" shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda taʼkidlanganidek, ushbu qutlug‘ sana Ona yurtimiz mustaqilligining tasdig‘i, butun dunyoda o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega ekanining ifodasi, xalqimiz farovonligining tantanasi sifatida tarixga muhrlangan.
Shundan buyon milliy bayrog‘imiz eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan bayrog‘imiz faqatgina davlat ramzi emas, balki shu yurtda tug‘ilib, shu zaminda yashayotgan barcha el-elatlarning hamjihatlik va birdamlik timsoliga aylanganligiga alohida urg‘u berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning ulug‘vor maqsadlari, xalqimizning ezgu niyatlarini amalga oshirish orqali uni har doim baland tushish har birimiz uchun muqaddas burch ekanligi taʼkidlandi.
Tadbirda davlatimiz bayrog‘i yaratilishining tarixiy-huquqiy va maʼnaviy asoslariga bag‘ishlangan taqdimot va videorolik namoyish etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati