“Moody’s” xalqaro reyting agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda bo‘lib turgan Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi vakillari hamda reyting konsultantlaridan iborat delegatsiya bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati bilan uchrashdi.

“Moody’s” tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholash jarayoni doirasida tashkil etilgan mazkur muloqotda mamlakatda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi islohotlar, ularning davlat boshqaruvi, biznes va investitsiya muhitiga ta’siri muhokama qilindi.
Agentlik direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosat jazolashdan profilaktikaga bosqichma-bosqich o‘tayotgani haqida ma’lumot berdi. Xususan, davlat organlarida komplayens va ichki nazorat tizimi joriy etilgani, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash majburiy etib belgilangani, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda xabar beruvchilarni himoya qilish mexanizmlari kuchaytirilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi standartlarning davlat tashkilotlari va banklarda, yirik investitsiya loyihalarida va davlat xaridlarida qo‘llanilishi, islohotlarning keyingi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi nazoratni raqamlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

“Moody’s” ekspertlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy e’tirof etib, ularning natijalarini baholash tartibi bo‘yicha istiqboldagi rejalarga qiziqish bildirdilar.
Shu bilan birga, reyting agentligi vakillari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarning amaliyotdagi natijalari va ularning barqarorligi mamlakatning institutsional muhiti hamda investorlar ishonchini mustahkamlashda ahamiyatli ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida xalqaro reytingni baholash uchun zarur ma’lumot va statistik ko‘rsatkichlarni taqdim etish borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati