MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Hukumatlararo kengashi XI majlisida O'zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari taqdimot qilindi
O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Hukumatlararo kengashi XI majlisida ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston 2025-yilda MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitimga rasman qo‘shilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul organ sanalib, Agentlik direktori Kengash a’zosi etib tayinlangan.

Kengash majlisida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston vakillari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi mas’ullari qatnashdi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan tajriba almashish, hamkorlikni yanada rivojlantirish va o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, korrupsiya yo‘li bilan orttirilgan mol-mulkni musodara qilish, qonunchilik hujjatlarining kriminologik ekspertizasini o‘tkazish hamda sohada kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Nufuzli tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va tashabbuslari asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlari taqdimot qilindi.

Kengash aʼzo davlatlari tomonidan ushbu islohotlarimiz e’tirof etilib, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tayanch ta'lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi Kengash a’zolari tomonidan to’liq qo’llab quvvatlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati