Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy platforma doirasida seminar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26-27 mart kunlari Bishkek shahrida (Qirg‘iziston) doirasida "Yuqori axloqiy meʼyorlarni rag‘batlantiruvchi muhitni yaratish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish” mavzusida (gibrid formatda) ikki kunlik mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumot o‘rnida: Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy platforma mintaqa davlatlari tomonidan BMT Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi qoidalarini yanada samarali amalga oshirishga ko‘maklashish, bu borada mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida 2023 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” doirasida ishga tushirilgan.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT GJB) tomonidan Osiyo taraqqiyot banki va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha masʼul davlat idoralari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Bosh prokuraturaning masʼul xodimlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.
Mintaqaviy seminarda delegatsiyalari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC)ning tegishli qoidalarini amaliyotga samarali integratsiyalashuviga ko‘maklashish, xususan, davlat va xususiy sektorda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, yuqori axloqiy meʼyorlarni rag‘batlantiruvchi muhitni yaratish bo‘yicha mintaqaviy tajriba va amaliyot bilan yaqindan tanishishdi.

Jumladan, tadbirning dastlabki kuni davlat xizmatida xalqaro axloq standartlari, xususiy sektorda axloq va ijtimoiy masʼuliyat, axloqiy meʼyorlarga rioya etilishini nazorat qilish va bunda fuqarolik jamiyati hamda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar fikricha, korrupsiyaning oldini olishda axloqiy meʼyorlar katta ahamiyatga ega. Axloqiy meʼyorlarni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari nafaqat axloq kodeksining ayrim hujjatlarini qabul qilish, balki, ularni madaniyatga aylantirish va tashkilot faoliyatiga tatbiq etish bilan ham muhim.

Muloqot mobaynida davlat organlari tomonidan axloqiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar, mansabdor shaxsning fuqarolar va tadbirkorlar bilan shaxsiy uchrashuvlarida o‘zini tutish qoidalari bo‘yicha ham ekspertlar tomonidan zarur tavsiyalar, foydali maʼlumotlar taqdim qilindi.
Seminarning ikkinchi kuni manfaatlar to‘qnashuvi xatarlarining oldini olish, aniqlash va boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar, milliy tajriba va amaliyotlar eʼtibor markazida bo‘ldi. Shuningdek, davlat sektorida manfaatlar to‘qnashuvi ustidan kuchli nazorat o‘rnatish, jumladan, "qarindoshlik doirasini" aniqlash, hisobot va deklaratsiyalarni boshqarish hamda inson resurslari bo‘limining roli, manfaatlar to‘qnashuviga oid maʼlumotlarning oshkor etilishi va buning davlat organi imijiga taʼsiri, davlat mansabdor shaxsiga nisbatan “tadbirkorlik” tushunchasining taʼrifi atroflicha muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
28.03.2024