Virtual qabulxona

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va mol-mulkni deklaratsiyalash bo‘yicha xalqaro tajriba almashildi

Asosiy yangiliklar 2 126 marta körilgan

Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) nomidan GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) “Samarali davlat boshqaruvi” dasturining moliyaviy ko‘magida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti OECD, Fransiyada jamiyat hayotining shaffofligi bo‘yicha oliy organ va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi vakillari ishtirokida tajriba almashish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Ushbu uchrashuv OECD ning manfaatlar to‘qnashuvi va aktivlar deklaratsiyasi bo‘yicha standartlarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.

OECD vakillari o‘zlarining mazkur sohalarda katta tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, bu standartlar korrupsiyaga qarshi kurashning boshqa tuzilmalaridan qanday farq qilishi xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, manfaatlar to‘qnashuvi hodisasi tabiatan korrupsiya emasligi, balki korrupsiyaning oldini olish uchun samarali boshqaruv tizimlarini talab qilishi taʼkidlandi.

Muhokamalarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari faol ishtirok etib, mavjud jarayonlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlarini taklif etishdi. Jumladan, vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar davom etayotgani alohida qayd etilib, korrupsiya omillarini o‘rganish va ularni bartaraf etishda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekanligiga urg‘u berildi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, OECD yondashuvi nafaqat qonunchilikni baholashni, balki siyosiy muloqot, qiyosiy tahlil va moslashtirilgan tavsiyalar orqali amaliy yordamni ham o‘z ichiga oladi. Shu jihatdan ushbu uchrashuv O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonlarini boshqarishni takomillashtirish, jamiyat hayotida shaffoflik va halollikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni namoyish etishda muhim qadam bo‘ldi.

Fransiyaning jamoat hayotida shaffoflik bo‘yicha oliy organi xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Mari Linzer manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tizimi bo‘yicha Fransiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning fikricha, deklaratsiyalarni monitoring qilish orqali manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish muhim, bu xavfli vaziyatlarni aniqlash va profilaktika choralarini ko‘rishga yordam beradi, shuningdek, davlat harakatining xolisligini taʼminlaydi, fuqarolarning davlat boshqaruviga ishonchini himoya qiladi, mansabdor shaxslarni jinoiy huquqbuzarliklar va tarafkashlik ayblovlaridan himoya qiladi.

Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish uchun mansabdor shaxslar manfaatlar to‘g‘risida o‘z rahbariga va axloqiy komissiyaga maʼlum qilishlari; qaror qabul qilish jarayonlaridan voz kechishi; rad etish tartibini tashkil etish va manfaatdor tomonlarga yetkazishi yoki rad etish mumkin bo‘lmagan hollarda shaffoflikni taʼminlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishi kerak.

Muhokama chog‘ida Agentlik masʼul xodimlari mazkur yo‘nalishda Fransiyaning yondashuvi muhimligini eʼtirof etib, O‘zbekistonda ham ana shunday ilg‘or choralar ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunida ushbu amaliyotlarni moslashtirish O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarini sezilarli darajada kuchaytirishi mumkinligi haqidagi umumiy to‘xtamga kelindi.

Umuman olganda, hamkorlikdagi ushbu muloqot umumiy boshqaruv muammolarini hal etish, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi organlarining yanada shaffof va hisobdorligiga yo‘l ochishda xalqaro hamkorlikning afzalliklarini ko‘rsatdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar