Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasida amalga oshirilgan ishlar kompleks tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, jami 336 ta mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma taqdim etilgan. Shuningdek, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan jami 627 385 ta deklaratsiya to‘ldirilgan.
Ushbu hujjatlar tahlili natijasida jami 2 951 ta, jumladan, 446 ta mavjud hamda 2 505 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi aniqlandi.
Shuningdek, 865 ta holat (446 ta mavjud hamda 419 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) qonunchilik talablariga muvofiq tegishli tartibga solish choralari ko‘rilishi natijasida bartaraf etildi. Jumladan:
- 138 nafar xodim boshqa rahbar bo‘ysunuviga o‘tkazildi;
- 11 nafar xodim kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy chiqdi;
- 21 nafar xodimning lavozim majburiyatlari va xizmat vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi;
- 51 nafar xodimning ayrim axborot va hujjatlardan foydalanishi cheklandi;
- 301 nafar xodimning yakka tartibda qaror qabul qilish vakolati ustidan kollegial nazorat o‘rnatildi;
- 87 nafar xodimga shaxsiy manfaatdorlikni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi;
- 196 nafar xodim shaxsiy manfaatdorligidan ixtiyoriy voz kechdi;
- 60 nafar xodim boshqa teng lavozimga o‘tkazildi yoki mehnat shartnomasi bekor qilindi.
O‘rganishlar davomida vazirliklar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha belgilangan cheklovlarga rioya etilmagan jami 831 ta holat (vazirliklar tizimida — 60 ta, mahalliy hokimliklarda— 771 ta) aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 193-4-moddasiga ko‘ra, 168 ta maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud qarorlariga asosan jarima jazosi tayinlandi.
Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etmaslik holarlarining oldini olish choralari davom ettirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati