Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida Koreya Respublikasining tajribasi o‘rganilmoqda
Shu kunlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi (АСРС) tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kursida ishtirok etmoqda.

Maʼlumot o‘rnida: 2023-yilning sentyabr oyida Agentlik hamda Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Memorandumda korrupsiyaga qarshi kurash choralari va fuqarolik huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq axborot (tajriba, amaliyot, tadqiqot natijalari) almashish maqsadida qo‘shma loyihalar tashkil etish kabi keng ko‘lamli hamkorlikka oid maqsad va vazifalar belgilangan.

O‘quv dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning samarali korrupsiyaga qarshi siyosat hamda chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi salohiyatini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

O‘quv kursi mobaynida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi siyosat va tizimlari, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va halollikni baholash, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish, murojaatlar va aniqlangan holatlar, sohaga oid o‘quv dasturlari bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazish kabi masalalarda Koreya tajribasini o‘rganadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati