Virtual qabulxona

“Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi

Asosiy yangiliklar 1 114 marta körilgan

“Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi yangi tartiblar joriy etiladi:

➖ BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablariga rioya qilinishini monitoring qilishga NNTlarni jalb etib, ular tomonidan muqobil baholash tizimini yo‘lga qo‘yish;

➖ NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalariga har yili 10 mlrd so‘m miqdorida grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berish.

Bunda ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etiladigan reyting baholash natijalariga ko‘ra “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratib boriladi;

➖Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida soha va hududlar kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillar va unga fuqarolarning munosabatini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish.

✅Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:

▫️NNTlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida tizimli ravishda treninglar tashkil etadi, ular bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshiradi;

▫️har yili 1-aprelga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashga:

➖NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalari va ularni tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish yuzasidan takliflar;

➖korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishida taklif va tashabbuslari, shuningdek, loyihalari, tadqiqotlari va o‘rganishlari to‘g‘risida axborot kiritib boradi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi muassisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi.

Markaz:

▫️aholi, ayniqsa, yoshlar, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, jamiyatda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish masalalarini tadqiq etish;

▫️ davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida halollik standartlarini joriy etishga ko‘maklashish, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish;

▫️ xalqaro va mintaqaviy dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini, shu jumladan, maishiy korrupsiyaning holati, xususiyati, miqyoslari, o‘zgarishlari hamda uni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni kompleks o‘rganish va tadqiq qilish;

▫️korrupsiyaning oldini olish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqish, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashi uchun amaliy choralar ko‘rish;

▫️korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini tadqiq etishda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

▫️ korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini joriy etish samaradorligini prognoz qilish, bu borada tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

▫️O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar qoidalarining bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish hamda muqobil hisobotlarni tayyorlash vazifalarini amalga oshiradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar