Ochiqlikka oid qonunchilik talablariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–270-son Farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga “E-qaror” axborot tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda mazkur yo‘nalishda ta’sirchan choralarni qo‘llash vazifasi yuklatilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari tomonidan Navoiy viloyati hokimligida viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklarining yuridik xizmat xodimlari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Seminar davomida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-dekabrdagi “Xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar bilan ishlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 766-son qarori talablari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, qaror va farmoyishlarni “yashirilgan” maqomda qabul qilish jarayonida uchrayotgan tizimli kamchiliklar, amaliyotda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar hamda ularning huquqiy oqibatlari aniq misollar asosida muhokama qilinib, mas’ullarga qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.


Seminarda Navoiy viloyati tuman va shahar hokimliklarida Ochiqlik indeksi baholash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy etish masalalari xam muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati