Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi
Xorazm viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillarining viloyatdagi ikki kunlik o‘rganishlari yakunlari hamda hududiy kengashning 2023-yildagi faoliyati samaradorligi, shuningdek, viloyatda korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan profilaktik choralar atroflicha muhokama qilindi.

Ishchi guruh o‘rganishlari Urganch shahri va Urganch tumani misolida “Haj” ziyoratiga boruvchi fuqarolar ro‘yxatining xolis va adolatli shakllantirilishi hamda ochiq eʼlon qilinishi, oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarining amalga oshirilishi,“Hududgaz Xorazm” gaz taʼminoti faoliyatida yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilish holatlari sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Yig‘ilishdaKorrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni baholashga qaratilgan turli reytinglarda Xorazm viloyati ijobiy natijalarni qayd etib kelayotgani, biroq korrupsion jinoyatlarning oldini olish, davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash kabi muhim yo‘nalishlarda ayrim kamchilik va sustkashliklar hamon saqlanib qolayotganligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan masofaviy monitoring davomida viloyatdagi davlat buyurtmachilari tomonidan 6,0 mlrd so‘mlik xaridlarda turli qonunbuzilishlari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanib, 5 ta taqdimnoma kiritilgan.

Bundan tashqari,Agentlik tomonidan Respublika bo‘yicha iqtisodiy sudlar va hakamlik sudlari tomonidan o‘tgan 2022-yilning 10 oyi davomida davlat buyurtmachilari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar bilan bog‘liq ishlar tahlil qilinganida Xorazmda 25 holatda 5,4 mlrd shartnomalar g‘aznachilik idorasida ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan sud qarorlari asosida majburiy undiruvga qaratilganligi aniqlandi.Muhokamalar mobaynida viloyat va tuman-shahar hokimliklari ayrim mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi, ochiqlikni taʼminlashda sustkashlik va masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani keskin tanqid qilinib, bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan masʼullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Yig‘ilishda yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat prokurori, hududiy kengash aʼzolari va boshqa masʼullarning axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda Hududiy kengash faoliyatini yanada kuchaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, yangi tashabbus va g‘oyalarni faol amalga oshirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, hududdagi korrupsiya holatlari saqlanib qolayotgan sohalar va tuman, shaharlardagi korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tizimli ravishda Hududiy kengash yig‘ilishida muhokama qilib borilishi lozimligi bildirildi.
Kengash o‘z faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Agentlik vakillari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga aholini keng jalb etish ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan ham qator tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati