Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzish bo‘yicha Ekspertlar kengashi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-son Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillashtirish vazifasi yuklangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan xalqaro va milliy ekspertlar bilan hamkorlikda Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzish uslubiyoti ishlab chiqilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan.

Unga ko‘ra aholi, tadbirkorlik subyektlari, ekspertlar o‘rtasida sotsiologik so‘rov, korrupsiyaviy axborotga ega bo‘lgan murojaatlar, statistik ma’lumotlarni tahlil qilish, tahliliy ma’lumotlarni umumlashtirish orqali korrupsiyaning darajasini baholash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi belgilangan.
Hozirda ushbu tadqiqotni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan, birinchi bosqichda keng jamoatchilik (aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish, korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasini va murojaatlarni tahlil qilish, ikkinchi bosqichda biznes va ekspertlar orasida so‘rovlar o‘tkazish orqali tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tadqiqot xalqaro darajada tan olinishi hamda o‘tkazilayotgan tadqiqot ishining obyektivligi va xolisligini ta’minlash maqsadida, Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksi bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzish bo‘yicha olib boriladigan tadqiqotning ekspertlar kengashi (Ekspertlar kengashi) tuzildi. Ekspertlar kengashi 4 ta xalqaro espert, 3 davlat organlari va 7 ta fukarolik jamiyati vakillaridan iborat.

Bugun Agentlikda o‘tkazilgan Ekspertlar kengashi yig‘ilishda kengash a’zolariga tadqiqot hakida ma’lumot berilib, xalkaro ekspert Inese Voika tomonidan tuzilgan aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma savollari muhokama qilindi.
Muhokamada Xalkaro va milliy ekspertlar so‘rovnoma savollarini qizg‘in muhokama qilib, O‘zbekistondagi mavjud amaliyot hamda xalqaro tan olingan mexanizmlardan misollar keltirgan holda savolnomani takomillashtirish yuzasidan takliflar berishdi.
Tadqiqotni o‘tkazuvchi tashkilotni tanlab olish jarayonlari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, ushbu jarayon mutlaqo xolis va Agentlikdan mustaqil ravishda amalga oshirilmoqda.
Tadqiqot natijalari Ekspertlar kengashi bilan muhokama qilinib yakuniy ma’lumotlar, tadqiqot tahlillari hamda korrupsiyaning tarqalganlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlar va sohalar ro‘yxati Agentlikning rasmiy veb-saytida keng jamoatchilik uchun e’lon qilinadi.

Mazkur tadqiqot korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishda, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablarini aniqlash, ularni barataraf etish uchun tegishli choralar ko‘rilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Sohalar va hududlar rahbarlarining mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatiga nisbatan jamoatchilikning munosabatini (kayfiyatini), fikrini bilish va tavsiyalarini olish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha aniq va manzilli choralarni belgilash hamda ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish imkoniyati yaratiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati