Korrupsiyaga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlari global tezkor tarmog‘ining (Globe) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisini ochish tashabbusi ilgari surilmoqda
Korrupsiyaga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlari global tezkor tarmog‘ining (Globe) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisini ochish tashabbusi ilgari surilmoqda
Joriy yilning 18-20 iyun kuni Qozog‘iston Respublkasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuraturasi hamda BMT Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamkorligida Olmata shahrida Korrupsiyaga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlari global tezkor tarmog‘ining (Globe) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisini ochish muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish va aktivlarni qaytarish sohasidagi 40 dan ortiq mutaxassislari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’sul xodimi ishtirok etdi.
Ekspertlar yig‘ilishining asosiy maqsadi Markaziy Osiyo uchun Globe tarmog‘ining mintaqaviy tarkibiy qismini yaratish imkoniyatlarini o‘rganish va muhokama qilishdan iborat.

Ma’lumot o‘rnida: Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlarining Global Operasiyalar tarmog‘i (GlobE Network) transchegaraviy korrupsiya jinoyatlarini yanada samaraliroq aniqlash, tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish hamda o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarib olish uchun o‘zaro ma’lumot almashish va norasmiy hamkorlik uchun platformadir.
2021 yilda tashkil etilgan global tarmoq BMTga va BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga (UNCAC) a’zo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha huquq-tartibot idoralari uchun ochiqdir. Hozirda 206 a’zo-davlatlardan 116 davlat tashkilotlarini birlashtiradi.

Muloqot mobaynida qidiruv, jinoiy-huquqiy hamkorlik, mintaqadagi vakolatli organlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va aktivlarni qaytarishni ta’minlash kabi GlobE Network resurslaridan foydalanish orqali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro va milliy tajriba bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, korrupsiyadan kelib chiqadigan muammolar va tahdidlar, uning davlat va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri ko‘rib chiqildi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan xorijiy mamlakatlaridagi tajribadan kelib chiqib,korrupsiya oqibatida orttirilgan jinoiy daromadlarni qaytarish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqish va huquqiy asoslarni yaratish, korrupsiya oqibatida orttirilgan jinoiy daromadlar va ularni aniqlash bo‘yicha maxsus tuzilmalar tashkil qilish, mazkur yo‘nalishda professional kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish kabi qator masalalarda muhim tavsiya va takliflar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati