Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi

Asosiy yangiliklar 1 606 marta körilgan

Joriy yilning 6 avgust kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi navbatdagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Asosiy maqsad joriy yil 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining bugungi holatini muhokama qilish va kelgusidagi hamkorlik rejalarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Muloqotda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Agentlik tomonidan NNTlar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, NNTlar uchun grant va ijtimoiy buyurtmalar asosida 2023 yilda 267 mln, 2024 yilda 2, 3 mlrd so‘m, 2025 yil boshidan bugungi kun holatiga esa 3 mlrd so‘mdandan ortiq mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar doirasida 2023 yilda 5 ta, 2024 yilda 30 ta va joriy yilning hozirgi kuniga qadar 34 ta loyiha amalga oshirildi.

2020 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida birorta ham NNT faoliyat yuritmagan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 5 taga yetdi (“Ochiqlik va shaffoflik markazi”, “Korrupsiyasiz kelajak”, “Vatanning sadoqatli farzandlari”, “Compliance Management System”, “Immunitet korrupsiyaga qarshi kurashish markazi”) va bu raqam ortishda davom etmoqda.

Ayni paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tarkibining 24 foizini, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining 52 foizini, Hududiy kengashlarda 40 foizni NNT vakillari tashkil etadi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasida NNTlar uchun maxsus kurs ishlab chiqish amaliyoti boshlandi. Ikki yildan buyon ular uchun Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishini qamrab olgan malaka oshirish kurslari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, xalqaro hamkorlar ishtirokida o‘tkazilayotgan sohaga oid turkum seminarlarga ham NNT vakillari faol jalb etilmoqda.

Muloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ularning ishtirokini kengaytirish, xalqaro tajriba asosida fuqarolik jamiyati va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqotni kuchaytirish kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlarning nazorat funksiyalari va monitoring ishlari jamiyatda ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlashga xizmat qilishiga ham alohida urg‘u berildi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assosiatsiyasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan birgalikda NNTlar va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni institutsional darajada kuchaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifa va maqsadlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar