KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH SAMARADORLIGINI REYTING BAHOLASH ISHLARI BOSHLANDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 94 ta davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi samaradorligi maxsus elektron platforma “E-anticor.uz” orqali tahlil qilinmoqda.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida davlat organlari va tashkilotlariga mazkur elektron platformadan foydalanish tartibi bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazildi.
Ushbu platformaga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari haqida maʼlumotlar kiritildi.
Reyting baholash natijalari xolisligini taʼminlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan elektron platformaga kiritilgan mazkur maʼlumotlar mustaqil ekspertlar guruhi tomonidan ham ko‘rib chiqiladi.

Ayni paytda ekspertlar guruhi tarkibi shakllantirilib, Agentlik tomonidan shakllantirilgan dastlabki reyting baholash natijalarini ko‘rib chiqishi rejalashtirilmoqda.
Bugun Agentlik vakillari hamda ekspertlar guruhi aʼzolarining uchrashuvi tashkil etilib, mazkur jarayon bilan bog‘liq muhim masalalarning dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Baholash bosqichlari va yakuniy natijalar Agentlik rasmiy veb-sayti va OAVda batafsil yoritib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati