Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Latviya Respublikasi tajribasi o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 1 580 marta körilgan

Joriy yilning 13-24-noyabr kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Latviya Respublikasiga xizmat safari amalga oshirildi. Unda Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligida tashkil etilgan ikki haftalik o‘quv dasturi doirasida malaka oshirish kursida qatnashildi.

Maʼlumot uchun: Dastur Latviya Tashqi ishlar vazirligining “O‘zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari salohiyatini mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olishga ko‘maklashish” grant loyihasi ko‘magida tashkil etildi.

O‘quv dasturi doirasida delegatsiya aʼzolari Latviya davlatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tuzilmalari, huquqni muhofaza qilish institutlari faoliyati bilan tanishdilar hamda muvofiqlashgan maʼmuriy boshqaruv tizimi asoslari va amaliyoti, qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandilar. Xususan,

  • Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar investitsiyalari ko‘magida standart talablari va tavsiyalari asosida samarali boshqaruv (menejment) tizimini joriy etish;
  • samarali boshqaruv tizimining eng ilg‘or tajribalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini belgilovchi hujjatlar – strategiya va dasturlarni tayyorlash va amalga oshirish;
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash mexanizmlari;
  • davlat xizmatida halollikni taʼminlash hamda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar;
  • davlat xizmatchilarining mol-mulklari va daromadlarini deklaratsiya qilish jarayonlari;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va aktivlarni qaytarish;
  • korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlari to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning amaliy va huquqiy asoslari;
  • lobbistlik faoliyatni tartibga solish va boshqarish tizimi;

Tashrif doirasida ishtirokchilar Latviya Respublikasi Seymi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuraturasi ofisi, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi, Moliyaviy razvedka xizmati, Davlat nazorati departamentida bo‘ldilar, shuningdek, Oliy sud, Xaridlar nazorati boshqarmasi, Adliya vazirligi va Davlat daromadlari xizmati idoralari ish tajribasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi Kuldiga munitsipal maʼmuriy boshqaruv markazida bo‘lib, munitsipal darajada korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikka asoslangan mahalliy boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzilmalari faoliyati to‘g‘risida maʼlumotga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli “Transparency international” korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro tashkilotining Latviya Respublikasidagi bo‘limi “DELNA – jamiyat uchun ochiqlik” nodavlat tashkiloti faoliyati misolida o‘rganildi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari tomonidan O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berildi, Latviya tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida eʼtirof etildi.

Kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik istiqbollari, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha muhim masalalar belgilab olindi. Jumladan, korrupsiyaga oid davlat siyosatini muvofiqlashtirish mexanizmlari, davlat organlarining ochiqligini taʼminlash, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, kadrlarni tayyorlashda halollik standartlarini singdirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlash, aholini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga jalb etish, xususan, xabar beruvchilarning himoyasini taʼminlash kabi sohalarni takomillashtirish borasidagi ishlarni hamkorlikda amalga oshirish, ushbu masalalar yuzasidan alohida ekspertlik uchrashuvlarini tashkil etish va Toshkent shahrida ham ikki tomonlama tajriba almashish tadbirlarini davom ettirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar