Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat idoralari faoliyati ochiqligini taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2024-yilning 6 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar holati tahlil qilindi.
1. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6247-son Farmoni bilan tasdiqlangan ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarning o‘z vaqtida rasmiy veb-sayt va Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirilishi holati 106 ta davlat organlari va tashkilotlarida monitoring qilindi.
Aniqlanishicha, 106 ta vazirlik va idoralarga jami 1527 ta majburiyatlar belgilangan bo‘lib, joriy yilning 2-chorak holatiga shulardan faqatgina 577 tasining ijrosi o‘z vaqtida taʼminlangan.
Misol uchun, davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar 50 ta davlat idoralaridagina o‘z vaqtida va belgilangan resurslarda joylashtirilgan, yoki xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi maʼlumotlar 43 ta vazirlik va idoralar tomonidan to‘liq ochiq eʼlon qilingan.
Shu kabi, ish reja to‘g‘risidagi maʼlumotlar 53 ta, yillik xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar 44 ta, jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar 36 ta vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan talablar asosida eʼlon qilinganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida Andijon viloyat hokimligi, Madaniy meros agentligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ kabi tashkilotlarda joriy yil holatiga oid ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan biror bir maʼlumot yuklanmagan.
Shu bilan birga, ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilishda yuqori samaradorlik Sport vazirligi (95%), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (80%), Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (80%), Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (75%), hamda Samarqand viloyat hokimligi (76%) tomonidan qayd etilgan.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishlarining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha 11 ta taqdimnoma kiritildi.
2. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan davlat idoralarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarning malakasini oshirish, tushuntirish va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan davlatimiz rahbarining 200-son Farmoniga muvofiq Agentlik tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda davlat organlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarini onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” taʼlim platformasi ishga tushirildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida mazkur platforma orqali 116 ta tashkilotning 433 nafar xodimi ro‘yxatdan o‘tkazilib, ulardan 330 nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi, 100 nafarga yaqini o‘qish jarayonida.
Kelgusida mazkur platforma orqali nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV vakillarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi malakalarini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv modullari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
3. Ochiqlikni taʼminlash sohasidagi yana bir muhim yo‘nalish bu – davlat idoralarining ishonch telefonlari, Koll-markazlar fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan aloqa kanallarining samaradorligi hisoblanadi.
Xabaringiz bor, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida «Qayta aloqaning sirli mijozi» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Bu borada Agentlik tomonidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, hisobot davrida respublikaning barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining faoliyati samaradorligi o‘rganildi.
Natijada, 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani aniqlanib, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli tuman va shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga muvofiq, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar o‘tkazish jarayonini Internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Oliy taʼlim muassasalariga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul jarayonlarini tashkil etishda korrupsiya holatlarining oldini olish, imtihonlarning ochiq va shaffof o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida imtihon.edu.uz, test2024.uz maxsus platfomalarida muntazam ravishda axborot va video materiallar joylashtirib borilishi taʼminlandi.
Agentlik tomonidan imtihon.edu.uz, test2024.uz maxsus platfomalari orqali test jarayonlarining uzluksiz va sifatli translyatsiya qilinishi monitoring qilindi, shuningdek Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan nafaqat masofaviy tartibda kuzatib borish balki, joyiga chiqqan holda ham kuzatish ishlari olib borildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati