Korrupsiyaga qarshi kurashga NNTlar faol jalb etilmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning navbatdagi yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yana-da ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni safarbar qilish, ayniqsa, nodavlat tashkilotlari faolligini oshirish, ular bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berildi.
Haqiqatan ham, ushbu illatga qarshi kurashda va bu boradagi loyihalarni samarali amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosi doirasida 14 ta hududdagi Xalq deputatlari viloyat, shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2024 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida umumiy miqdori 1 mlrd 434 million 400 ming so‘mlik grant tanlovlari eʼlon qilindi.
Hududlar kesimida Samarqand (300 million), Andijon (200 million), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (100 million) nodavlat notijorat tashkilotlariga eng ko‘p mablag‘ ajratgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Namangan (49,5 million), Surxondaryo, Xorazm (50 million), Buxoroda (58 million) qayd etildi.
Maʼlumot uchun: Toshkent shahri (grant loyihalarining umumiy qiymati 170 million) va Sirdaryo (50 million) viloyatida grant loyihaga arizalar kelib tushmaganligi sababli mazkur hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmadi.
Grant loyihalari doirasida korrupsiyaga qarshi faol targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Jumladan, Adliya vazirligi Faxriylar Kengashi Navoiy viloyati bo‘linmasi tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida bittadan maktab tanlab olinib, viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda 11 ta “Huquq sinflari” tashkil etildi. Misol uchun, Navoiy shahridagi 22-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida namunaviy “Huquq sinfi” huquqiy adabiyotlar va targ‘ibot bannerlari bilan boyitildi.
Shuningdek, Xatirchi tumani va Zarafshon shahridagi “Huquq sinflari”ga umumiy qiymati 25 mln so‘mlik parta va stol-stullar xarid qilindi. Grant loyihasini amalga oshirish davomida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan 400 dan ortiq buklet va flayerlar aholiga yetkazildi.
“Tajriba maydoni: jamoatchilik nazorati subyektlari kompetentligini oshirish – yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashish ruhida tarbiyalashda muhim qadam” mavzusidagi grant loyihasi g‘olibi bo‘lgan “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazi tomonidan o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Navoiy viloyat boshqarmasi, viloyat hokimligi huzuridagi Mahalla fuqarolari yig‘ini raislari o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining roli va ahamiyati” mavzusida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Markaz hamda viloyat hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan birgalikda Navoiy shahri, Navbahor va Karmana tumanlarida 5 ta jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirildi. Markaz tomonidan “Competence and its role in the activity of the leader of non-government non-commercial organisations” nomli maqola “Science and innovation” halqaro ilmiy jurnalda chop etildi.
Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining noodatiy usullardan foydalanishda alohida faollik ko‘rsatdi. “Jayhun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti loyiha doirasida rejissyor Mars Nuratdinov boshchiligidagi ijodkorlar guruhi bilan korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri, poraxo‘r hamda taʼmagir shaxslarning taqdiri haqida sahna asari tayyorladi.
“Samarqand yoshlar multimedia markazi” tomonidan korrupsiyaning oldini olish, unga nisbatan immunitet shakllantirish hamda ushbu jinoyatga jazo muqarrar ekanligiga oid 6 ta ijtimoiy videorolik tasvirga olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati