Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish: amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilayotgan natijalar

Asosiy yangiliklar 1 037 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilayotgan natijalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

2025 yil davomida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi hamda xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan NNTlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun3.4 mlrd. so‘mlik grantlar ajratildi.

Grantlar bo‘yicha jami 45 ta loyiha amalga oshirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshganini ko‘rsatadi.

Shundan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida 853 mln so‘mlik grant mablag‘lari ajratildi.

Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan esa 14 ta hudud bo‘yicha jami 2 168 mln so‘mlik hamda Jamoat fondining hududiy bo‘linmalari tomonidan 8 ta hududda 390 mln so‘mlik grant tanlovlari, 2.558 mln so‘mlik ijtimoiy buyurtma eʼlon qilindi.

Hududlar kesimida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Sirdaryo viloyatlarida nodavlat notijorat tashkilotlariga eng ko‘p mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Qashqadaryo, Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Grant loyihalari aholi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning xabardorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligini mustahkamlash, multimedia mahsulotlarni yaratish, taʼlim muassasalari, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish kabi jarayonlarni qamrab olgan.

Mazkur loyihalar orqali jamoatchilik nazorati mexanizmlari amaliyotga joriy etilmoqda, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun platformalar, ijtimoiy so‘rovlar, targ‘ibot tadbirlari, o‘quv qo‘llanmalar, yangi tashabbus va vositalar yuzasidan takliflar shakllantirilmoqda.

Masalan, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati Qorako‘l tumani bo‘limi tomonidan 100 dan ortiq jamiyat aʼzolari oflayn, 1000 dan ortiq jamiyat aʼzolari onlayn tarzda huquqiy savodxonligini oshirdi. 20 dan ortiq korrupsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ko‘zi ojiz odamlarning maxsus ehtiyojlari bo‘yicha o‘rganilib, Respublika ko‘zi ojizlar jamiyatining 15.000 ga yaqin aʼzolariga audiokitob ko‘rinishda yozilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatildi. 100 nusxa to‘plam Brayl alifbosida chop etildi va Qorako‘l tumani va Buxoro viloyati ko‘zi ojizlar jamiyatlariga taqdim etildi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan "Korrupsiya qarshi kurashish va oldini olishda innovatsiyalarni ishlab chiqish va amalga joriy etish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish" mavzusidagi grant loyihasi doirasida "Korrupsiyadan himoyalanishdagi 10 qadam” nomli qo‘llanma tayyorlandi.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik" jamiyati tomonidan grant loyihasi doirasida respublikaning 14 ta hududida "Korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlarning roli” mavzusida seminar mashg‘ulotlari tashkil etilib, NNT vakillarining korrupsiya tushunchasi, jamoatchilik nazoratining ahamiyati va bu borada hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan Navoiy viloyati “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazining "Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi" loyihasi asosida Nurota tumanidagi 30 ta maktabning o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Navoiy tajribasi”ni yaratishga qaratilgan maishiy korrupsiyani oldini olish borasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazildi.

Shuningdek, mahalliy davlat organlari bilan hamkorlikda maishiy korrupsiyaning oldini olishda "Navoiy tajribasi"ni yaratish borasida jamoatchilik monitoringi tadbirlari olib borildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishini monitoring qilish jarayoniga nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb qilish hamda ular tomonidan muqobil baholash mexanizmlarini joriy etish amaliyoti ilk bor yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur yo‘nalishda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan Konvensiya qoidalarining ijrosini mustaqil monitoring qilish va baholash ishlari faol olib borilmoqda va bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z tashabbusiga ko‘ra Konvensiyaning alohida moddalari bo‘yicha tahliliy monitoringlar amalga oshirildi.

Xususan, “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahliliy markazi tomonidan Konvensiyaning 5-moddasi, yaʼni Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi harakat qilish siyosati va amaliyoti ijrosi yuzasidan, shuningdek, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Konvensiyaning 13-moddasi — Jamoatchilik ishtiroki doirasida monitoring ishlari olib borildi hamda ularning natijalariga ko‘ra muqobil hisobotlar tayyorlandi.

Tayyorlangan tahliliy materiallarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda mavjud tizim samaradorligi obyektiv baholandi. Shuningdek, sohani yana-da takomillashtirishga qaratilgan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki to‘g‘risida maʼlumot” tayyorlanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etildi.

Mazkur tahliliy materiallar O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy maʼruzasining “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki”ga bag‘ishlangan qismini shakllantirishda muhim manba sifatida foydalanildi.

Agentlik tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga faol jalb etish, ularning mazkur yo‘nalishdagi tashabbus va saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil ravishda davom ettiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar