Virtual qabulxona

Korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish masalalari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 2 642 marta körilgan

Joriy yilning 15-noyabr kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va taʼsiri” mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida “O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida xabar berishning samarali mexanizmini yaratish" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Dastlab loyiha doirasida o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va taʼsiri” mavzusidagi so‘rovnoma natijalari taqdimot qilindi. Taʼkidlanganidek, so‘rovning asosiy maqsadi fuqarolarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish bilan bog‘liq tasavvurlari va tushunchalari, shuningdek, masʼul idoralarga xabar berishdagi muammolar, bu bo‘yicha to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillarni baholashdan iborat.

So‘rovda respublikamizning barcha hududlaridan 500 nafardan ortiq respondent ishtirok etgan. Shuningdek, 10 ta vazirlik va idoralarning 20 nafardan ortiq xodimi o‘rtasida ham anonim so‘rovlar o‘tkazilgan.

So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 74,0 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga va 82,2 foiz elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyorligini bildirgan. Lekin korrupsiya holatlari haqida xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8%) va kimga murojaat qilishni bilmasligini (20,4%) qayd etgan.

Shu bilan birga, respondentlarning 13,8%i minnatdorchilik sifatida sovg‘a berishni oddiy hol deb hisoblashini, 7,4%i esa bunday harakatlarni korrupsiya holati deb bilmasligini taʼkidlagan.

Qayd etilganidek, so‘rovnomada bildirilgan taklif va mulohazalar korrupsiya haqida xabar berish tizimining yangi mexanizmlarini amaliyotga joriy etishda, xususan, “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishida hamda murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha markazlashtirilgan yagona elektron tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yishda foydalanildi.

Maʼlumot uchun: Tizim Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Clean Portal” (“Shaffof portal”) platformasining ilg‘or yutuqlari, zamonaviy qulayliklari asosida ishlab chiqilmoqda.

Shundan so‘ng tadbirda O‘zbekistonda xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik asoslari, davlat organlarida qonunbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish mexanizmlari, xabar beruvchilar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining joriy etilishi va samaradorligi bilan bog‘liq muammolar, xabar beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Loyiha doirasida xalqaro tajriba o‘rganilganida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi tavsiyalari hamda rivojlangan davlatlaridagi (AQSH, Janubiy Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Latviya va boshqalar) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida shakllangan tajriba va amaliyot tahlili “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida” qonun qabul qilinishiga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatdi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida korrupsiya to‘g‘risida xabar beruvchilarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Tadbir doirasida shu asosda ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur loyiha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan.

Qonun loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, halollik standartini joriy qilish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xabar bergan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha taʼsirchan choralar ko‘rish hamda rag‘batlantirish bilan bog‘liq boshqa munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, tadbir doirasida qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi hamda xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar