Virtual qabulxona

Komplayens xodimlari Latviyada ilk bor tashkil etilgan Yozgi maktabda ishtirok etdi

Asosiy yangiliklar 952 marta körilgan

Joriy yilning 7-11 iyul kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens) xodimlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Latviya davlatida tashkil etilgan Yozgi maktabda ishtirok etdi.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida Latviya Moliya va shartnomalar markaziy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasidagi ushbu tashabbus korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari vakillari uchun Yevropada ilk bor tashkil etilgan tajriba maydoni bo‘ldi.

Ishtirokchilar uchun Latviyaning davlat moliyaviy nazorati, davlat mulkini hisobga olish va uni idora qilish, investitsiya, sanoat va erkin iqtisodiy hududni rivojlantirish, bojxona, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni taʼminlash, huquqni muhofaza qilish va odob-axloq qoidalari nazoratiga masʼul vakolatli idora va tashkilotlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida mazkur tashkilotlarning ichki nazorat tuzilmalari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining faoliyatida korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish, ayni jarayonlarning normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi aniq amaliy misollar orqali o‘rganildi.

Shuningdek, odob-axloq qoidalari borasida ilg‘or yondashuv va zamonaviy mexanizmlar bilan yaqindan tanishildi.

Yozgi maktab tadbirlari doirasida Transparensy International tashkilotining sohadagi standartlari va hisobotlariga asoslangan holda milliy amaliyotni kuchaytirishga qaratilgan takliflar ham ishlab chiqildi.

“O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasida delegatsiya aʼzolari Litva Respublikasiga ham tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida professional aloqalarni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishning yangi imkoniyat va yo‘nalishlari muhokama qilish, istiqboldagi reja va maqsadlarni belgilab olishdan iborat.

Shu maqsadda delegatsiyamiz ushbu mamlakatning Maxsus tergov xizmati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot yakunida korrupsiyaga oid davlat siyosatini ishlab chiqish, sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar xodimlarining salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlar, stajirovka hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Ushbu tashriflar O‘zbekistonning ikki davlat bilan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorligini mustahkamlash, tajriba almashish va xalqaro standartlarga asoslangan komplayens tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar