Kitob tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan davlat xaridida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Kitob tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 2024-yil 10-yanvar kuni issiq ovqat yetkazib berish (autsorsing) xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 919,1 mln so‘mlik davlat xaridida bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Xususan, ushbu davlat xaridida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchiga yagona raqib sifatida qatnashgan talabgorning hujjatlari Xarid komissiyasi raisi va a’zolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.
Natijada O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha 2024-yil 11-yanvar kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan Kitob tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan 2024-yil 16-yanvar kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.