Kattaqo‘rg‘on tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish, shuningdek, aholi o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va samarali taʼminlash hamda masʼullarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umed Mavlyanov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tumanda o‘rganishlar olib borildi.

Xususan, chora-tadbirlar dasturining asosiy yo‘nalishlari — sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, qurilish hamda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi holati va belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, “Payshanba dehqon bozori” faoliyati misolida savdo rastalari uchun bir martalik yig‘imlarni qabul qilishda inson omilini istisno etish, avtoturargohlar faoliyatini raqamlashtirish hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasida bepul va pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi, tibbiy jihozlar va dori vositalari bilan taʼminlash, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayonlari hamda korrupsiya xavflarini kamaytirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Mahallalarda aholining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan zarur tavsiyalar berilib, ayrim muammo va kamchiliklar joyida hal etildi.

Masʼullar bilan chora-tadbirlar rejasida belgilangan har bir vazifaga masʼuliyat bilan yondashish, ochiqlikni taʼminlash, raqamlashtirish jarayonlarini kuchaytirish hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati