Virtual qabulxona

Jazoni ijro etish muassasasiga navbatdagi profilaktik tashrif amalga oshirildi

Asosiy yangiliklar 1 047 marta körilgan

Temir panjaralar ortida afsuslar yashaydi. Korrupsiyaning eng og‘ir jazosi qamoq emas — erkinlik, qadr-qimmat, yaqinlar ishonchi va osuda hayotdan mahrum bo‘lish aslida. Eng muhimi — bu haqiqatni kech bo‘lmasdan anglashdir.

Davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalariga tashkil etilayotgan profilaktik tashriflarning asosiy maqsadi ham aynan shu — hayotiy misollar va real taqdirlar orqali korrupsiyaning og‘ir oqibatlarini ko‘rsatish, o‘z vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarishga, halollik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qatʼiy amal qilishga undashdan iborat.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamkorligida navbatdagi profilaktik tashrif Olmaliq shahridagi 14-son jazoni ijro etish koloniyasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi rahbarlari va masʼul xodimlari hamda Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida amalga oshirildi.

Tashrif davomida ishtirokchilar jazoni ijro etish muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, saqlash kameralari hamda muassasa infratuzilmasi bilan tanishdi.

Shuningdek, mahkumlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Ularning hayot yo‘li va shaxsiy iqrorlari korrupsiyaning oqibatlari faqat jinoiy javobgarlik bilan cheklanmasligi, balki insonning butun hayoti, oilasi va kelajagiga daxl qiluvchi og‘ir yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini yana bir bor tasdiqladi.

Korrupsiyaning oqibatlarini bartaraf etish murakkab, uning oldini olish esa har bir davlat xizmatchisining shaxsiy masʼuliyatidir.Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va masʼul xodimlarini jazoni ijro etish muassasalariga tashkil etilayotgan profilaktik tashriflarga bosqichma-bosqich jalb etib kelmoqda.

Bugungi kunga qadar mazkur tadbirlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Kadastr agentligi vakillari ishtirok etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar