Virtual qabulxona

IHTT bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 062 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i ekspertlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda IHTTning beshinchi raundi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ikkinchi oraliq monitoring, uning dastlabki natijalari hamda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

Xususan, monitoringning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan natijalar, xalqaro tavsiyalarning bajarilishi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, joriy monitoring jarayonlari bilan bir qatorda, Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi oltinchi raund monitoringining yangi metodologiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yondashuvlari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur masalalar joriy yilning noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan IHTT Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining navbatdagi yalpi yig‘ilishida ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida IHTT bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, noqonuniy moliyaviy oqimlar va xalqaro noqonuniy savdo bilan bog‘liq korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularning oldini olish, tegishli davlat organlarining tahliliy va institutsional salohiyatini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston vakillarining IHTT Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i doirasidagi xalqaro tadbirlarda ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va texnik hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida kelishuvlarni izchil davom ettirish, monitoring tavsiyalarining amalga oshirilishini ta’minlash hamda yangi mintaqaviy tashabbuslar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Matbuot xizmati

Öxşaş materiallar