Investitsiya loyihasini amalga oshirishda ochiqlikning ta'minlanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tegishli qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokida “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanilishi hamda ushbu jarayonda ochiqlik va oshkoralik ta’minlanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.
▪️Amalga oshirish davri – 5 yil (2025-2029 yillar)
▪️Umumiy qiymati – 143 mln AQSh dollari.
Shundan OTB ulushi – 125 mln AQSh dollari.
Loyiha doirasida:
- yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4,8 mingta hisoblagich hamda 2,8 mingta telemetriya tizimlarini o‘rnatish hisobiga ishlab chiqarilgan ichimlik suvining aniq hisobi yuritiladi;
- 12,7 mingta suv inshooti hamda 80 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarining raqamli xaritasini (GIS) joriy etish orqali infratuzilmani yangilash ishlari samaradorligini oshiriladi;
- Respublika va 14 ta hududiy suv taʼminoti korxonalarida yagona situatsion markaz tashkil etish orqali avariyalarni tezkor bartaraf qilish tizimi joriy etiladi.
Agentlik tomonidan mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari davomida masofaviy monitoring, joyiga chiqib o‘rganish va boshqa tadbirlar olib boriladi hamda amalga oshirilgan ishlar natijalari bo‘yicha jamoatchilikka muntazam axborot berib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati