Virtual qabulxona

Investitsiya loyihalari doirasida ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlar o‘rganilmoqda

Asosiy yangiliklar 1 794 marta körilgan

Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, xususan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni kengaytirish yuzasidan berilgan topshiriqlar, shuningdek, bir qator Prezident farmon va qarorlarida xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishida ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari bugun Namangan viloyatida “Namangan viloyati Chust, Pop va Namangan tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash hamda Chust va Mingbuloq tumanlari markazlarida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Loyiha doirasida mazkur hududlarda 12 500 m3/sutka quvvatli oqova suv tozalash inshootini qurish, 20 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish, 77 km ichimlik suv tarmoqlarini qurish, 104 km suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 52 km oqova suv tarmoqlarini qurish, mashina va mexanizmlarni sotib olish nazarda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 84,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi, amalga oshirish muddati 2022-2026 yillar etib belgilangan.

O‘rganish davomida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati va qabul qilingan hujjatlarning ochiqligi taʼminlanganligi bilan tanishildi.

Shu kunga qadar loyiha doirasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha rejalashtirilgan 2 ta paket doirasida 1,4 mln dollarlik 1 ta shartnoma imzolangan, 1,8 mln. dollarlik 16 ta texnika xarid qilingan.

Agentlik tomonidan loyihani amalga oshirishga masʼul ijrochi organ — “O‘zsuvtaʼminot” AJ ga mablag‘larning ajratilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, shu jumladan, loyiha maqsadi, umumiy qiymati, moliyalashtirish rejasi, asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar holati, loyihani amalga oshirish doirasida qabul qilingan hujjatlar, o‘tkazilgan tender va tanlovlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda eʼlon qilib borish yuzasidan tavsiyalar berib kelinmoqda.

Shuningdek, mazkur jarayonlarda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash yuzasidan doimiy monitoring tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talabi hamda Agentlik ko‘rsatmasiga asosan AJning rasmiy veb-saytida (uzsuv.uz alohida sahifa tashkil etilgan bo‘lib, yuqoridagi masalalar yuzasidan muntazam ravishda tegishli maʼlumotlar (bit.ly o‘z vaqtida joylashtirib kelinmoqda.

Agentlik tomonidan loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan shu kabi nazorat ishlari izchil davom ettiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar