Investitsion muhitni yaxshilashda korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 3-may kuni Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida "Obro‘, ishonchlilik va xavfsizlik: korrupsiyaga qarshi samarali siyosat va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash tufayli xorijiy investitsiya muhitini yaxshilash" mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyada siyosat, iqtisodiyot va moliya, qonunchilik sohalarining taniqli vakillari tomonidan iqtisodiy rivojlanish, investitsion jozibadorlikni kuchaytirishda korrupsiya va yashirin iqtisodiyotni bartaraf etishga doir fikrlar, g‘oyalar, takliflar o‘rtaga tashlandi.

Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish, biznesda korrupsiyaning oldini olish, raqamlashtirish orqali "inson omili"ni kamaytirish, ochiqlikni taʼminlash kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berib o‘tdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda biznesda korrupsiyaning oldini olish maqsadida halol raqobat muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish, ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
2023-yilda 27 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni kelishish uchun kiritilgan jami 4 703 ta buyurtmadan 2 399 tasi (51 foizi) kelishilgan va qolgan 2 304 tasi (49 foizi) tekshiruv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmaganligi sababli rad etilgan.

Tadbirkorlar faoliyatida 2023-yilda amalga oshirilgan tekshiruvlar soni 2022-yil shu davriga nisbatan 42 914 taga (26%) kamaygan.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan amaldagi 15 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish qo‘shimchalar kiritish yoki bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Natijada sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatildi, soliq organlarining soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish bo‘yicha huquqlari bekor qilindi, investitsiya majburiyatlarini bajargan tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berish belgilandi.
O‘tgan davrda 226 ta tadbirkorlik subyekti “O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasi” aʼzoligiga qabul qilindi.
Shu bilan birga O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylik, ochiqlik va davlat organlari bilan munosabatlarda korrupsiyaning oldini olish maqsadida har yili “O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” biznes forumini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rilayotgan choralar natijalarini bilish maqsadida tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini amalga oshirishda korrupsiya holatlariga duch kelishi holatlari bo‘yicha 2 490 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari ishtirkoida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomada aksariyat tadbirkorlar korrupsion holatlarga duch kelmayotganliklarini maʼlum qilishgan, ularning fikricha so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiya darajasi kamaygan.

Sessiyada ishtirok etgan Lyuksemburg shahzodasi Jan Kristian De Buase, Mavrikiy Respublikasining sobiq va birinchi ayol Prezidenti Amina Gurib-Fakim, Marokash korxonalari umumiy Konfederatsiyasining sobiq Prezidenti Salaayedin Mezuar, Fransiya Respublikasi Prezidenti Senati aʼzosi Kristof-Andre Frassa tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan bu kabi islohotlar yuqori baholandi.
Muloqot mobaynida, shuningdek, mamlakatda investitsion jozibadorlikni oshirish, investorlarni keng jalb etishda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishning ahamiyati, bu borada global va mahalliy darajadagi muammolarmavjudligi va ularni hal etish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati