Virtual qabulxona

Hududlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tuzilgan Ishchi guruh Andijon viloyatida o‘rganish o‘tkazdi

Asosiy yangiliklar 1 444 marta körilgan

Andijon viloyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida viloyatda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tasdiqlangan mazkur “Yo‘l xarita”da korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, energetika, kadastr sohalarida korrupsiya omillarini aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish belgilangan.

Yig‘ilishda ayni masalalar ijrosiga masʼullar — xalq deputatlari Kengashlari raislari, Korrupsiyaga qarshi hududiy kengash raislari va viloyat prokurori tomonidan olib borilayotgan ishlarning dastlabki natijalari muhokama qilindi.

Muhokamalarda viloyatda ochiqlikni taʼminlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xizmatida tadbirkorlik faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayotganligi qayd etildi.

—“Yo‘l xarita” ijrosi doirasida raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish, ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqishimiz, ularni amaliyotga samarali joriy etishimiz talab etiladi. Shu sababli, viloyat prokuraturasi va Respublika ishchi guruhi aʼzolaridan topshiriqlar ijrosini tashkil etishda masʼullarga doimiy uslubiy ko‘mak ko‘rsatib borilishi lozim,— dedi Akmal Burxanov.

Yig‘ilish yakunida “Yo‘l xarita”da belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, bu borada masʼuliyat va tashabbuskorlikni oshirish, kamchilik va muammolarni kechiktirmasdan bartaraf etish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Ishchi guruh korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan sohalar kesimida viloyatning Asaka tumani va Andijon shahrida belgilangan obyektlarda korrupsiyaviy omillarni o‘rgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar