Virtual qabulxona

“Halol hudud” loyihasining istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama etildi

Asosiy yangiliklar 527 marta körilgan

Joriy yilning 24-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD) va “Halol hudud” loyihasi ekspertlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda “Halol hudud” loyihasining o‘tgan yilgi faoliyat natijalari muhokama qilindi hamda 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Mazkur boshqaruv modeli ilk marotaba Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining qo‘shma loyihasi doirasida 2024–2025 yillarda Jizzax shahri va Vobkent, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida sinovdan o‘tkazildi.

Tajriba doirasida davlat boshqaruvida korrupsiyaga eng moyil sohalar tahlil qilinib, ichki tartib-qoidalar qayta ko‘rib chiqilib, mahalliy ehtiyojlarga mos yechimlar ishlab chiqildi.

Natijada har bir hudud 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Strategik yo‘l xaritasi va Harakatlar rejasi qabul qildi.

Loyiha samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar bildirildi.

Xususan, Agentlik vakili, xalqaro ekspert, hokimli mas’ullarining aniq vazifalarini belgilash, hududlardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash usul va vositalarini kengaytirish, mazkur jarayonlarga aholi fikrlari va OAVdagi chiqishlarni inobatga olish, loyihaga fuqarolik jamiyati institutlarini jamoatchilik nazorati sifatida jalb etish kabi masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, yo‘l xarita bandlarini tuman aholisiga ochiqlash va har bir bandi bo‘yicha ijrosi haqidagi ma’lumotlarni yetkazib borish, chora-tadbir ishlab chiqishda aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning keyingi qadamlari va muddatlari belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar