“Fuqarolar O‘zbekistonda korrupsiya to‘g‘risida” mavzusidagi jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari
"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik markazi tomonidan 2025-yilning 2-11 aprel kunlari davomida ayni mavzuda aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi.
Tadqiqot mamlakatning barcha hududlarida 18 va undan katta yoshdagi 1425 nafar respondent orasida o‘tkazildi, ularning 49,8%i erkaklar va 50,2%i ayollardan iborat bo‘ldi.
So‘rovda korrupsiya, uning tarqalganlik ko‘lamlari va turli vazirliklar, idoralarning korrupsiyaga moyilligi, shuningdek, aholining hukumat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ko‘rilayotgan choralarga munosabati o‘rganildi.
Co‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning uchdan bir qismi (28,3 foiz) mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash «ancha muvaffaqiyatli va samarali» olib borilmoqda deb hisoblaydi, 39,9 foiz respondentlar korrupsiyaga qarshi choralar «muvaffaqiyatli va samarali, ammo barcha sohalarda ham emas» deb javob bergan.
11 foiz respondentlar mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash qanchalik samarali olib borilayotgani haqida maʼlumotga ega emasligini maʼlum qilgan, bu esa ommaviy axborot vositalarining ushbu masalani yoritish bo‘yicha yetarli darajada ishlamayotganligi, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatining lozim darajada ochiq emasligi va fuqarolarni bu haqida xabardor qilmayotganligidan dalolat beradi.
Respondentlarning 37 foizi mamlakatimizda korrupsiya darajasini o‘rtacha, 25 foizi yuqori va 21 foizi juda yuqori darajada deb taʼkidladi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, korrupsiyaviy munosabatlarga eng moyil, korrupsiyaning yuzaga kelishi xavfi o‘ta yuqori bo‘lgan sohalar sifatida sog‘liqni saqlash (48 foiz), taʼlim (37 foiz), ishga joylashish (30 foiz), ichki ishlar organlari (6 foiz), mahalliy hokimliklar (6 foiz) qayd etildi.
Tahlillar natijasida fuqarolar bilan bevosita munosabatga kirishadigan sohalar korrupsiyaga moyil ekanligi va korrupsiya xavf-xatarlar yuqoriligi maʼlum bo‘lmoqda.
Hududlar bo‘yicha Toshkent shahri, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari aholisi korrupsiya holatlariga ko‘p duch kelganligi va mamlakatda korrupsiya yuqori darajada tarqalganligini taʼkidlagan.
Tadqiqot natijalari tahliliga ko‘ra, korrupsiyaviy munosabatlar paydo bo‘lishining beshta asosiy sababi quyidagilardan iborat:
- fuqarolarning o‘z masalalari yoki muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal etishga intilishi (45 foiz);
- fuqarolarning qonunlar va o‘z huquqlarini yaxshi bilmasligi, shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashdagi huquqiy amaliyotning yo‘qligi (34 foiz);
- Boshqaruv organlari ishining yetarlicha ochiq va shaffof emasligida(30 foiz);
- mansabdor shaxslar ishi ustidan fuqarolik jamiyati tomonidan o‘rnatilgan jamoatchilik nazoratining sustligi (25 foiz);
- Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun qonunchilik bazasining nomukammalligida (18 foiz).
Shuningdek, respondentlarning 5,3 foizi korrupsiyaga duch kelganda bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni maʼqul topsa, 94,3 foizi yashirishni afzal deb bilgan.
Jamoatchilik fikriga ko‘ra, ish haqini oshirish, huquqbuzarliklar uchun jazoni qatʼiylashtirish, lavozimdan mahrum qilish, qonunchilik bazasini shakllantirish, yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish kabi choralar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda samaralidir.
Umuman olganda, o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari fuqarolarning mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashga bo‘lgan munosabatida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni aniqladi, aksariyat respondentlar korrupsiyaga barham berish mumkinligiga ishonchi komilligini va korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi.
So‘rov maʼlumotlarini inobatga olgan holda, davlat boshqaruvi va aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida shaffoflikni oshirish va unga fuqarolik jamiyatini jalb etish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati