Firibgarlardan ogoh bo'ling!
So‘nggi vaqtlarda ayrim mansabdor shaxslar nomidan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda soxta akkauntlar ochilib, davlat organlari xodimlari hamda fuqarolarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati bilan bog‘liq turli mazmundagi xabar, topshiriq va hujjatlar yuborilayotgani kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Davlat organlari rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nomidan yuborilayotgan turli topshiriqlar, ma’lumot so‘rovlari, hujjatlar taqdim etish haqidagi talablar yoki boshqa harakatlarni amalga oshirishga undovchi bunday xabarlar rasmiy murojaat hisoblanmaydi hamda firibgarlik maqsadida yaratilgan soxta akkauntlar orqali tarqatilmoqda.

Agentlik fuqarolar va davlat organlari xodimlarini bunday xabarlarga ishonmaslikka, ularda ko‘rsatilgan topshiriqlarni bajarmaslikka, yuborilgan hujjatlarga asoslanib hech qanday harakatlarni amalga oshirmaslikka, shubhali akkauntlar bilan muloqotga kirishmaslikka hamda shaxsiy, xizmatga oid ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etmaslikka chaqiradi.

Shubhali xabarlar, hujjatlar yoki akkauntlarga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so'raymiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati