Yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonidagi ishtiroki muhokama etildi
Joriy yilning 29-may kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi,“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Agentlik masʼul xodimi tomonidan korrupsiyaning davlat va jamiyatga salbiy taʼsiri, uning turlari va shakllari, korrupsiyaga oid jinoyatlarda yoshlarning ulushi, mazkur illatga murosasizlik kayfiyatini shakllantirish bo‘yicha Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, o‘tgan yili O‘zbekistonda 9472 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyatga qo‘l urgan bo‘lsa, shundan 1325 tasini, yaʼni 15 foizini 18-30 yosh orasidagi yoshlar sodir etgan. Bu esa yoshlar bilan ishlashda zamonaviy metod va vositalardan foydalanishni talab etmoqda. Shu bois mazkur yo‘nalishda Prezident tashabbusi asosida “Yoshlarda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan global resursi (GRACE) dasturi O‘zbekistonda keng joriy etilmoqda.

Shuningdek, muloqot jarayonida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish haqida so‘z bordi, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati